O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi kardiologik tadqiqotlari Kanada kardiologiya kongressida taqdim etildi

Ottava, Kanada | 2026-yil 15-17-oktabr

Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy laboratoriyasi rahbari Jamol Uzokov Kanadaning Ottava shahrida Kanada kardiologiya jamiyati tomonidan tashkil etilgan Kanada kardiologiya kongressi 2026 (CCC 2026) xalqaro ilmiy anjumanida ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli xalqaro kongress doirasida Jamol Uzokov “2-tur qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda yurak-qon tomir xavfini prognozlash uchun klinik, biomarker va genomik ma’lumotlarni integratsiyalovchi ko‘p o‘lchovli sun’iy intellekt modelini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etdi.

Ushbu tadqiqot Amerika kardiologiya kolleji jamg‘armasi (American College of Cardiology Foundation) tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan ilmiy grant loyihasi doirasida Markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxromxon Anisxonovich Alyavi ilmiy rahbarligida amalga oshirilmoqda.

Ilmiy tadqiqot sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish texnologiyalarini klinik ko‘rsatkichlar, biomarkerlar hamda genomik ma’lumotlarning kompleks tahlili bilan integratsiyalash orqali 2-tur qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklari xavfini prognozlash aniqligini oshirish hamda yurak-qon tomir asoratlarining oldini olishga qaratilgan shaxsiylashtirilgan profilaktika strategiyalarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan.

Tadqiqot natijalarining CCC 2026 kabi nufuzli xalqaro ilmiy anjumanda taqdim etilishi O‘zbekiston tibbiyot fanining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda Markazda innovatsion tadqiqotlar, sun’iy intellekt texnologiyalari va shaxsiylashtirilgan kardiologiya yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.